About the Server

IlmiyArxiv — bu onlayn ilmiy arxiv va preprint platformasi bo‘lib, ilmiy natijalarni ochiq tarzda saqlash, ulashish va ommalashtirishga xizmat qiladi.

Preprint — bu hali tahrirlanmagan yoki ilmiy ekspertizadan o‘tmagan, biroq nashrga tayyor bo‘lgan ilmiy qo‘lyozmadir. Uni erta e’lon qilish tadqiqotchilarga o‘z ishlarini tezroq namoyish etish va ilmiy hamjamiyatdan fikr olish imkonini beradi.

Platforma mualliflarga Scienceproblems jamoasi tomonidan ta’sis etilgan jurnallarga — Scienceproblems.uz, Techscience.uz, Medicineproblems.uz, Agrovetscience.uz, Humansciences.uz, Natsciences.uz, Lingvoscience.uz va Legalsciences.uz — yuborilgan hamda tahririyat tomonidan qabul qilinib, taqrizlashga yo‘naltirilgan qo‘lyozmalarni nashrgacha (preprint shaklida) chiqarish, ularni jamoatchilikka ertaroq taqdim etish va maqolalarga erta iqtibos keltirish imkonini yaratish maqsadida yaratilgan.
Jurnallarimizga yuborilgan maqola qo‘lyozmalari platformaga bepul joylashtiriladi.

Shuningdek, siz boshqa jurnallarga yuborgan qo‘lyozmalaringizni ham joylashtirib beramiz. Masalan, Web of Science, Scopus yoki boshqa xalqaro bazalarda indekslanadigan, biroq nashr uchun uzoq vaqt talab etadigan jurnalga maqola topshirdingiz. IlmiyArxiv sizga ushbu ishni nashrgacha bosqichda ham ilmiy jamoatchilikka yetkazish, iqtiboslikni oshirish va tadqiqotingizni tezroq e’tirof ettirish imkonini beradi.

IlmiyArxiv.com preprintlardan tashqari turli xil ilmiy materiallarni ham saqlaydi — jumladan, dissertatsiyalar, avtoreferatlar, ilmiy maqolalar, tezislar, konferensiya materiallari hamda boshqa ilmiy ishlanmalar. Shu bilan u milliy ilmiy repozitoriy sifatida faoliyat yuritadi.

E’tiborlisi, platformaga joylashtirilgan barcha materiallar Google Scholar tizimida indekslanadi. Akkauntingizni ORCID bilan bog'lash imkoniyati bor.

IlmiyArxiv.com — bu Scienceproblems jamoasi yaratilgan va boshqarilayotgan milliy ilmiy arxiv bo‘lib, u mamlakatimiz ilmiy natijalarining ochiqligi, barqarorligi va jahon miqyosidagi ko‘rinishini ta’minlashga xizmat qiladi.